Jurnalistlar uchun matbuot anjumani va press-tur tashkil etildi

14.10.2024

171

msk_yangiliklari_in

Bugun Surxondaryo viloyati hududiy saylov komissiyasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

 

Unda komissiya raisi Z.Alimardonova joriy yilning 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, ayni kunlarda amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritdi.

 

           

 

Anjumanda qayd etilganidek, hududiy saylov komissiyasi qarori bilan Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 50 ta saylov okrugi tuzilgan bo‘lib, ularga beshta siyosiy partiyaning har biridan bir nafardan, jami 250 nafar nomzod ro‘yxatga olingan. Xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlaridagi 370 ta saylov okrugiga esa 1 850  nafar nomzod tasdiqlandi.

 

           

 

Viloyat hududida 865 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan bo‘lib, ular uchun aholiga qulay bo‘lgan hamda talab darajasidagi sharoit va imkoniyatlarga ega binolar tanlab olingan. Komissiyalar a’zolari uchun seminar-trening mashg‘ulotlari tashkil etilib, ularning malakasi oshirildi.

 

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga Surxondaryo viloyatidan 1 mln 437 ming nafardan ortiq fuqaro kiritilgan bo‘lib, ulardan 34 ming nafarga yaqinini ovoz berishda ilk bor ishtirok etadigan yoshlar tashkil qilmoqda.

 

Matbuot anjumanida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni haqida atroflicha ma’lumot berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.

 

Shuningdek, Termiz shahridagi 251-saylov uchastkasiga uyushtirilgan press-turda ishtirokchilar saylovchilarga yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.

 

     

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur