Hududiy saylov komissiyasida muhim masalalar muhokama etildi

18.11.2025

13

msk_yangiliklari_in

Termizda Surxondaryo viloyati saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Komissiya a’zolari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda Surxondaryo viloyati hududiy saylov komissiyasining 2025-yilga mo‘ljallangan ish rejasi ijrosi, Markaziy saylov komissiyasi ishchi guruhining shu yil 8-10-sentyabr kunlari Surxondaryo viloyati hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalari faoliyatini o‘rganish yakunlari va  viloyatda bo‘shab qolgan ayrim deputatlik o‘rinlariga 13-aprel hamda 19-oktyabr kunlari o‘tkazilgan mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqilib, atroflicha muhokama etildi.

 

Qayd etildiki, viloyat hududiy saylov komissiyasi yilning o‘tgan davrida beshta majlis o‘tkazib, bo‘shab qolgan o‘rinlarga deputatlik saylovini tashkil etish yuzasidan yettita qaror qabul qildi.

 

Hududiy saylov komissiyasining joriy yilga mo‘ljallangan ish rejasi 3 ta bo‘lim va 18 banddan iborat etib tasdiqlangan. Shunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi natijalari tahlil qilinib, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirish choralarini ko‘rish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasiga tegishli takliflar kiritildi. Tasdiqlangan grafik asosida 2025-yil sentyabr oyida tuman, shahar saylov komissiyalari ish faoliyati o‘rganilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik uchun amaliy yordam ko‘rsatildi.

 

Saylov komissiyalari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, “Ye-saylov” axborot tizimini modernizatsiya qilish va tizimni takomillashtirish yuzasidan ham Markaziy saylov komissiyasiga takliflar kiritildi. 

 

Mahalliy Kengashlar deputatlarining sifat tarkibini, shu jumladan, bo‘shab qolgan o‘rinlar mavjudligining monitoringi olib borilmoqda. Jumladan, 2025-yil 13-aprel kuni Qiziriq, Denov, Sho‘rchi tumanlarida, 19-oktyabrda Muzrobod tumani va Termiz shahrida bo‘shab qolgan o‘rinlar uchun deputatlar saylovi o‘tkazildi. Mahalliy Kengashlarining bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga saylov jarayonida tuman, shahar, uchastka saylov komissiyasi a’zolarining saylov qonunchiligiga va amaliyoti bo‘yicha malakalarini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etildi.

 

– Ish reja asosida shu yil sentyabr oyida tuman va shahar hokimliklari tomonidan saylov jihozlarining saqlanishi va hisobi yuritilishining holatini ham o‘rgandik, – deydi viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Zebuniso Alimardonova. – Monitoring chog‘ida mavjud saylov jihozlari hokimliklarning “UzASBO” hisobot tizimiga kiritildi. Tuman shahar hokimlarining tegishli farmoyishi bilan saylov jihozlarini saqlash va hisobini yuritish bo‘yicha mas’ul xodim biriktirildi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik uchun amaliy yordam ko‘rsatildi. Shu yilning 8-10-sentyabr kunlari Markaziy saylov komissiyasi ishchi guruhi viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari faoliyatini ham o‘rgandi. Ishchi guruh aniqlagan kamchiliklar mutasaddilar ishtirokida muhokama qilinib, ularni zudlik bilan bartaraf etish choralari belgilandi.

 

Yig‘ilishda ko‘rilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur