Komissiya a’zolari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda Surxondaryo viloyati hududiy saylov komissiyasining 2026-yilga mo‘ljallangan ish rejasining birinchi yarim yillikdagi ijrosi va Surxondaryo viloyatida ayrim bo‘shab qolgan o‘rinlarga 2026-yil 7-iyun kuni o‘tkazilgan mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqilib, atroflicha muhokama etildi.

Qayd etildiki, viloyat hududiy saylov komissiyasining joriy yilga mo‘ljallangan ish rejasiga muvofiq mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi natijalari tahlil qilinib, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirish choralarini ko‘rish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasiga tegishli takliflar kiritildi. Tasdiqlangan grafik asosida 2026-yilning birinchi yarim yilligida tuman, shahar saylov komissiyalari ish faoliyati o‘rganilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik uchun amaliy yordam ko‘rsatildi.
Saylov komissiyalari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, “E-saylov” axborot tizimini modernizatsiya qilish va tizimni takomillashtirish yuzasidan ham Markaziy saylov komissiyasiga takliflar kiritildi.
Mahalliy Kengashlar deputatlarining sifat tarkibini, shu jumladan, bo‘shab qolgan o‘rinlar mavjudligining monitoringi olib borilmoqda. Jumladan, 2026-yil 7-iyun kuni Termiz, Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlarida bo‘shab qolgan o‘rinlar uchun deputatlar saylovi o‘tkazildi. Mahalliy Kengashlarining bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga saylov jarayonida tuman, uchastka saylov komissiyasi a’zolarining saylov qonunchiligiga va amaliyoti bo‘yicha malakalarini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etildi.
– ish reja asosida shu yil fevral-aprel oylarida tuman va shahar hokimliklari tomonidan saylov jihozlarining saqlanishi va hisobi yuritilishining holatini ham o‘rgandik, – deydi viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Zebuniso Alimardonova.
– monitoring chog‘ida mavjud saylov jihozlari hokimliklarning “UzASBO” hisobot tizimiga kiritilishi ko‘zdan kechirildi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik uchun amaliy yordam ko‘rsatildi.

Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.