Joriy yilning 20-may kuni Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida xalq deputatlari Termiz tumani Kengashining “9-Namuna”, xalq deputatlari Qumqo‘rg‘on tumani Kengashining “8-Paxtaobod” hamda xalq deputatlari Jarqo‘rg‘on tumani Kengashining “25-Porloq yulduzi” saylov okruglari hududida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminardan asosiy ko‘zlangan maqsad saylov jarayonlarini amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq tashkil etish, uchastka saylov komissiyalari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda a’zolarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda uchastka saylov komissiyalari a’zolari, mas’ul tashkilotlar vakillari hamda saylov jarayoni ishtirokchilari qatnashib, bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga saylov o‘tkazishning tashkiliy-huquqiy asoslari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, SJBAT tizimida ishlash, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish va aniqlashtirish, fuqarolarni saylovchilar ro‘yxati bilan tanishtirish tartiblari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Mutaxassislar tomonidan saylov hujjatlari bilan ishlash, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish hamda ovoz berish kunidagi muhim jarayonlar yuzasidan tushuntirishlar olib borildi.
Seminarning amaliy qismida ishtirokchilar ovoz berish xonasini jihozlash, saylov byulletenlari bilan ishlash, ovoz berish jarayonini qonunchilik talablariga muvofiq tashkil etish, ovozlarni sanab chiqish hamda yakuniy bayonnomalarni to‘ldirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamladilar.
Seminar yakunida ishtirokchilarga saylov jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish, qonunchilikdagi yangiliklarni amaliyotga to‘liq tatbiq etish hamda saylov madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.