Yangi O‘zbekistonning yangicha saylov islohotlari

26.09.2024

60

msk_yangiliklari_in

Mamlakatimizda muhim siyosiy kampaniya – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sayloviga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Joylarda partiyalarning saylovoldi tashviqoti ham qizg‘in pallaga kirayotir.

 

Yangilanayotgan mamlakatimizda bu jarayonga tayyorgarlik ishlari Saylov kodeksi va “Referendum to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha konstitutsiyaviy qonun doirasida amalga oshirilmoqda. Shunga ko‘ra, saylov amaliyotimizda siyosiy kampaniya ilk marta aralash saylov tizimi – majoritar va proporsional saylov shakllari asosida o‘tkaziladigan bo‘ldi. 

 

Bu tizim demokratik davlatlarda sinovdan o‘tgan, qulay saylov shakllaridan biri. Aralash saylov tizimi hisoblanadigan bu jarayonda siyosiy partiyalar ham, nomzodlar ham ishtirok etadi. Majoritar saylov tizimi o‘tgan siyosiy kampaniyalarda qo‘llanilib kelingan bo‘lib, bir mandatli saylov okruglaridan deputatlikka nomzodlar tanlanadi. Proporsional saylov esa biz uchun yangilik. Unda mamlakatimiz hududi okruglarga taqsimlanmaydi, balki butun O‘zbekiston yagona okrug sanaladi. Shu okrug bo‘yicha siyosiy partiyalar o‘zlarining nomzodlari ro‘yxatini taqdim etadi.

 


 

Saylovchilar nomzodlarga emas, siyosiy partiyaga ovoz beradi. Buni sodda qilib aytganda, saylov kuni saylov uchastkasiga kelgan saylovchilarga ikkita byulleten beriladi. Bitta byulletenda o‘zi yashab turgan hududdagi okrugdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ko‘rsatilgan nomzodlar, ikkinchisida beshta siyosiy partiyaning nomlari ko‘rsatiladi. Bunda qaysi nomzod yoki qaysi siyosiy partiya uchun ovoz berishni saylovchi hal etadi. 

 

Bu yilgi saylovda raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanilayotgani ham mamlakatimizning kelgusi obod va farovon hayotini belgilaydigan siyosiy kampaniya uchun yana bir yangilik bo‘ldi. “E-SAYLOV” axborot tizimi ishga tushirilgani saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq harakatlarni elektron shaklda amalga oshirish imkoniyatini juda kengaytirdi. Ayni paytda barcha darajadagi saylov komissiyalari o‘rtasidagi hujjat va axborot almashinuvi “E-SAYLOV” axborot tizimi orqali amalga oshirilib, saylov komissiyalari o‘rtasidagi hujjat almashinuvini tezlashtirdi, ortiqcha vaqt sarflanishining oldini oldi. Bu tizim saylovchilar uchun ham qulay imkoniyat paydo qildi. Jumladan, endilikda hududlardan ko‘rsatilgan nomzodlar va ularning dasturlari haqida yetarli ma’lumot olib, saylov kunigacha nomzodlar haqida aniq bir to‘xtamga kelishiga asos yaratdi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, bo‘lg‘usi saylovda Surxondaryo viloyatidan 1 million 669 mingdan ortiq saylovchi ovoz berishi kutilmoqda. Ularning o‘z xohish-irodasini emin-erkin ifoda etishi uchun viloyatda alohida tayyorgarlik ko‘rilayotir. Zero, demokratik mamlakat saylovida har bir ovoz muhim ahamiyatga ega. U saylovchilar hayotiga daxldor masala. Bu bois ham milliy qonunchiligimizda fuqarolarning manfaatlarini davlat organlarida to‘liq ifoda etishni ta’minlashning ochiq, adolatli, shaffof saylov tizimi yaratildi. Saylovning ana shu qonunchilikka mosligini ta’minlash uchun viloyat hududiy saylov komissiyasi, tuman, shahar saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyat kengashiga saylov o‘tkazuvchi 50 ta saylov okrugi, 865 ta saylov uchastkasi faoliyat yuritib, saylovchilar uchun barcha sharoitlarni yaratayotir. Shuningdek, komissiyalar a’zolari uchun seminar-trening mashg‘ulotlari tashkil etilib, ularning malakasi oshirilmoqda.

 

Ma’lumki, o‘tgan saylovlarda bir shaxsning boshqa shaxs va shaxslar nomidan saylov byulletenlarini ham to‘ldirish bilan bog‘liq holatlar kuzatilgan edi. Bu masalaga chek qo‘yish uchun milliy qonunchiligimizga tuzatish kiritish lozimligini hayotning o‘zi taqozo etdi. Qabul qilingan qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga saylov jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning ayrim moddalariga o‘zgarish bilan to‘ldirildi. Xususan, saylov (ovoz berish) byulletenlarini berish tartibini buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilandi. Ikkinchidan, saylovda ishtirok etish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari to‘g‘risidagi oraliq yoki yakuniy hisobotni ciyosiy partiya Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etmasligi yoki o‘z vaqtida taqdim etmasligi, hisobotda bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etishi mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilab qo‘yildi. 

 

Yangi O‘zbekistonimiz saylov tizimida yuz bergan bu kabi o‘zgarishlar muhim siyosiy kampaniyaga aholi qiziqishini ham oshirgani kuzatilmoqda. Shunga muvofiq bu jarayonda aholining huquqiy savodxonligini oshirish, saylov qonunchiligi va unda yuz bergan o‘zgartish hamda qo‘shimchalardan ularni xabardor qilish, saylovchilarning huquq hamda majburiyatlarini chuqurroq tushuntirish maqsadida joylarda turli tadbirlar tashkil etyapmiz. Misol uchun, kuni-kecha Termizda viloyat adliya boshqarmasi hamkorligida “Saylov jarayonlarida nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni va roli” mavzuiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazdik. Unda qatnashgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari muhim siyosiy kampaniyada NNTlarning o‘rni, roli va demokratik saylov jarayonlarini rivojlantirish imkoniyatlarini faol muhokama etishdi. O‘zlarining takliflarini bildirishdi. 

 

Xullas, aholi vakillarining hududlarda tashkil etilayotgan ochiq muloqot, davra suhbati va boshqa tadbirlardagi qiziqishi, faolligi ham joriy yilning 27-oktyabr kuniga belgilangan saylovlar yuqori saviyada ochiq, oshkora hamda uyushqoqlik bilan o‘tishidan dalolat bermoqda. 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur