Surxondaryo viloyatida 27-oktyabr kuni o‘tkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga muddatidan oldin ovoz berish Saylov kodeksi va umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida o‘tkazilmoqda.
Viloyatda joriy yilgi saylovni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun puxta hozirlik ko‘rildi. Buning uchun viloyat hududiy va tuman, shahar saylov komissiyalari, saylov okruglari hamda saylov uchastkalarida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
– Saylovchilarning o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishida saylov uchastkalari muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Surxondaryo viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Zebuniso Alimardonova. – Chunki, ovoz berish siyosiy kampaniyaning saylov uchastkasidagi asosiy jarayoni hisoblanadi. Bu jarayonni milliy qonunchiligimiz asosida tashkil etish uchun 865 ta saylov uchastkasi tuzilib, komissiyalar faoliyati Saylov kodeksida belgilangan mezonlarga muvofiq amalga oshirildi. O‘quv mashg‘ulotlarida uchastka saylov komissiyalari a’zolarining bilim va ko‘nikmalari oshirilayotganida muddatidan oldin ovoz berish tartib-taomillari ham chuqur tushuntirildi. Barcha saylov uchastkasida ovoz beruvchilar uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Viloyat hududiy saylov komissiyasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, uchastkalar nomzodlarga oid ma’lumotlar, Markaziy saylov komissiyasi tasdiqlagan namunadagi ovoz berish byulleteni va uni to‘ldirish tartibi bilan ta’minlangan. Saylovlar sanasiga bag‘ishlangan plakatlar, saylov uchastkasining xaritasi, uchastka komissiyasi a’zolarining tarkibi, ish rejasi, navbatchilik jadvali, fuqarolar murojaati uchun Markaziy saylov komissiyasining ishonch telefoni, elektron manzili, okrug komissiyasi, sud va prokuratura organlarining telefon raqamlari ilingan.
Barcha saylov uchastkalariga Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari, deputatlikka nomzodlarning tarjimayi holi va saylovoldi dasturlari yetkazilgan. Tanishib chiqish uchun saylovchilar ro‘yxatlari saylov uchastkalaridagi stendlarga ilib qo‘yilgan.
Saylov kodeksida saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga egaligi alohida belgilangan. Shunga muvofiq bu yil mamlakatimizda muddatidan oldin ovoz berish 16-oktyabrdan boshlandi. Viloyatda muddatidan oldin ovoz berish uchun saylov uchastkalariga saylovchilar umumiy sonining 10 foizi miqdorida saylov byulletenlari yetkazib berildi.
Ayni paytda saylov kuni doimiy yashash manzilida bo‘lmaydigan saylovchilar o‘z huquqlaridan foydalanib, muddatidan oldin ovoz bermoqda.
Angor tumanidagi 142-saylov uchastkasi Madaniyat mahallasidagi “Ishga marhamat” monomarkazida tashkil etilgan. Barcha zamonaviy qulayliklarga ega binoda saylovchilarning muddatidan oldin o‘z xohish-irodasini emin-erkin bildirishi uchun zarur sharoit yaratilgan. Saylov kuni bu yerda 1 ming 440 nafar saylovchi ovoz berishi kutilmoqda. Bu yil 25 yoshni qarshilagan Xudoyberdi Abdulov ham saylov uchastkasiga kelib, muddatidan oldin ovoz berdi.
– Qo‘shni viloyatga davolanishga borishimga to‘g‘ri kelib qoldi, – deydi Xudoyberdi Abdulov. – Saylov kuni uyda bo‘lmas ekanman. Shu bois o‘zim tanlagan nomzodlarga muddatidan oldin ovoz berishga ahd qildim. Safar oldidan saylov uchastkasiga kelib, muddatidan ilgari ovoz berish huquqimdan foydalandim.
Denov tumanidagi 638-saylov uchastkasi 101-maktabda joylashgan. Nuriston mahallasida yashaydigan Sayidali Xo‘jamurodov va Nargiza G‘afforova saylov kuni viloyatlardan birida bo‘lib o‘tadigan to‘yda qatnashishi sababli saylov komissiyasiga murojaat etib, muddatidan oldin o‘z xohish-irodasini ifoda etdi. Mazkur uchastka saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etgan Bahrom Karimov saylov kuni oilaviy muammosini yechishga to‘g‘ri kelayotgani sababli muddatidan oldin o‘zi tanlagan partiya va nomzodlarni yoqlab ovoz berdi.
Viloyatda 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda 1 million 431 ming 860 dan ortiq fuqaro ishtirok etishi kutilmoqda. Shu paytgacha saylov kuni boshqa hududlarda dam olish yoki davolanishda bo‘ladigan, qavmu qarindoshlari yoki yaqinlarining to‘y va boshqa tadbirlarida qatnashishni, xizmat safarida bo‘lishni rejalashtirgan 25 ming 200 dan ziyod saylovchi milliy qonunchiligimizda belgilab qo‘yilgan huquqidan foydalanib, muddatidan ilgari ovoz berdi.
Viloyatda muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari 23-oktyabr soat 18:00 gacha davom etadi.